Kecha Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida BMB AGRO tarkibidagi dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash korxonasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
BMB HOLDING tizimidagi klaster, Holding tarkibidagi korxonalar va hududdagi dehqon, fermer hamda tomorqa xo'jaliklari bilan birgalikda Arnasoy tumanidagi 50 gektar yer maydoniga nav sifati yuqori bo'lgan pomidor, 5000 gektar yer maydoniga mosh, 2000 gektarga loviya kabi dukkakli, 1500 gektarga qovun va boshqa poliz mahsulotlari kontraktatsiya shartnomasi asosida ekilib, yetishtirilgan mahsulotlar Yevropaning Latviya va Polsha davlatlariga, dukkakli mahsulotlar esa asosan Xitoyga eksport qilinmoqda. Yil boshidan bugungi kunga qadar jami 2,4 million dollarlik mahsulotlar xorijga eksport qilingan bo'lsa, yil oxiriga qadar bu ko'rsatkichni 10 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
BMB AGRO tarkibidagi dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash korxonasining yillik quvvati 65000 tonnani tashkil qilib, unga Turkiya va Xitoy davlatidan keltirilgan, umumiy qiymati 6,5 milliard so'm bo'lgan zamonaviy texnologiyalar o'rnatilgan.