Toshkent shahrida sifatsiz AI-80 markali avtobenzinni sotuvga chiqargan AYOQSHga chora koʻrildi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Inspeksiyaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida “I.D.P.” MCHJga qarashli AYOQSH tomonidan sotilayotgan AI-80 markali avtobenzindan namunalar olinib, laboratoriyada tahlil qilinganda davlat standart talablariga mos kelmasligi (sifatsiz) aniqlandi.
Natijada qoidabuzarga Oʻzbekiston Respublikasining 940-sonli Qonunining 43-moddasiga asosan realizatsiya qilingan 1 638 litr avtobenzin qiymatining 50 foizi miqdorida iqtisodiy sanksiya qoʻllanildi.
Shuningdek, aniqlangan qoldiq saqlanayotgan sifatsiz neft mahsulotlarini sotuvga chiqarmaslik va sifatini qayta tiklash lozimligi boʻyicha koʻrsatma berildi.