Italiya bosh vaziri Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi

26.05.2025 00:00 O'zbekiston 5

Italiya Respublikasi bosh vaziri Jorja Meloni joriy yilning 28–29-may kunlari Oʻzbekistonga rasmiy tashrif amalga oshiradi. Bu haqda Italiya hukumati rasmiy saytiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, uchrashuvlar Samarqand shahrida boʻlib oʻtadi. Tashrif davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinishi va qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

6143d65e21c1bc049712a111ff69f5f30526 (1)

Avvalroq Jorja Melonining 25–26-aprel kunlari Oʻzbekistonga kelishi rejalashtirilgan edi. Ammo Vatikan rahbari — Rim papasining vafoti munosabati bilan tashrif kechiktirilgan.

Dastlabki rejaga koʻra, bosh vazir 25–26-aprel kunlari Oʻzbekistonda, 26–27-aprel kunlari esa Qozogʻistonda boʻlib, ikki davlatga rasmiy tashrifdan tashqari Italiya–Markaziy Osiyo sammitida ham ishtirok etishi kerak edi.

Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi munosabatlar soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. 2023-yil iyun oyida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrif bilan borib, Rimda prezident Serjo Mattarella va bosh vazir Jorja Meloni bilan uchrashuvlar oʻtkazgandi. Muzokaralar natijasida ikki davlat strategik sheriklar maqomini olgan.

Shuningdek, 2023-yil noyabr oyida Italiya prezidenti Serjo Mattarella Oʻzbekistonga javob tashrifi bilan kelgan. Ushbu uchrashuvlar ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirishda muhim bosqich boʻlgan edi. Jorja Melonining Samarqanddagi tashrifi ham Oʻzbekiston–Italiya munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.