Togʻda yoʻldan adashib, dengiz sathidan taxminan 2000 metr balandlikda qolib ketgan fuqaroga yordam koʻrsatildi. Bu haqda FVV matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
25-may kuni soat 17:35 da Toshkent viloyati FVBga Boʻstonliq tumani hududidagi “Katta chimyon” togʻiga ikki nafar fuqaro sayr qilish maqsadida borib, ulardan biri yoʻldan adashib qolishi natijasida togʻdan tusholmay qolganligi haqida xabar berilgan.
Xabarga asosan, Chimyon yongʻin-qutqaruv otryadidan bir guruh qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borib, fuqaroni dengiz sathidan taxminan 2000 metr balandlikdan xavfsiz hududga olib tushishgan.
Boshqa bir holatda esa 19-may kuni Burchmulla qishlogʻi hududidagi “Kopir tosh” togʻiga uch nafar fuqaro sayr qilish maqsadida borib, ulardan biri ehtiyotsizligi oqibatida toyib ketib chap oyogʻidan jarohat olishi natijasida togʻda qolib ketgani toʻgʻrisida viloyat FVBga xabar qilingan va fuqaro xavfsiz hududga olib tushilib, tuman tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgandi.