Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida olis hududlarda xizmat koʻrsatayotgan 12 nafar ijtimoiy xodimga Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan skuterlar topshirildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Maʼlumki, ijtimoiy xodimlar oʻz hududlaridagi yordamga muhtoj keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga doimiy ravishda tashrif buyurib, ularning muammolarini hal etishda koʻmaklashadi. Ayniqsa, olis va chekka hududlarda bunday xizmatlarning ahamiyati yanada ortadi.
Yangi skuterlar ijtimoiy xodimlarga oʻz vaqtida manzillarga yetib borish, aholi bilan muloqot qilish va ularning muammolarini tezkorlik bilan hal etish imkonini beradi. Bu oʻz navbatida, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, skuterlar topshirilgan ijtimoiy xodimlar oʻz minnatdorchiliklarini bildirib, bundan buyon ham sadoqat bilan ishlashga vaʼda berishdi.