Yozgi taʼtil davrida bolajonlarning maroqli dam olib, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishida oromgohlar muhim oʻrin tutadi. Sirdaryo tumanida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilgan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Uning ochilish tantanasida mamlakatimizda har bir sohada amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarning maqsad-mohiyati, eng avvalo, inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgani alohida taʼkidlandi.
“Sirdaryo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi 200 oʻringa moʻljallangan. Sirdaryo daryosi sohilidagi 10 gektardan ziyod maydonga ega ushbu maskanda bunyodkorlik ishlari uchun 40 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi.
Foto: xs.uz
Oromgohning tibbiyot majmuasida bolalar salomatligi doimiy nazorat qilib boriladi. Tabiiy neʼmatlar va giyohlardan damlamalar tayyorlanadi. Ovqatlanish ratsioni esa darmondorilarga boy taomlar bilan boyitiladi.
“Sirdaryo” oromgohida joriy yil mavsumida 1000 nafardan ziyod oʻgʻil-qizning maroqli dam olishi va ularning salomatligini mustahkamlash belgilangan.