Oʻzbekistonda birinchi marta Milliy tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan robot yordamida murakkab operatsiya amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, 25 yoshli bemor uzoq yillardan buyon dori taʼsir qilmaydigan epilepsiya bilan yashab kelgan. Shifokorlar maxsus tekshiruvlar orqali epilepsiyaning sababi — bosh miyaning oʻng tomonidagi gippokamp deb ataluvchi sohada nosozlik (skleroz) borligini aniqladilar.
Milliy tibbiyot markazi Matbuot xizmati xabariga koʻra, bu muammo zamonaviy robot-navigatsion tizim yordamida oʻta yuqori aniqlikda aniqlanib, jarrohlik yoʻli orqali olib tashlangan. Bu texnologiya shifokorlarga miyadagi muammoni millimetr aniqlikda koʻrib, xavfsiz va aniq ishlash imkonini beradi.