O‘zbekiston xorijiy kapitalni himoya qilish va barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta e'tibor qaratmoqda

15.06.2025 00:00 O'zbekiston 6

Iordaniyaning "Ammon News" elektron nashrida "O'zbekistonning "Oltin viza" dasturi xorijiy investorlarni rag'batlashtirish yo'lidagi navbatdagi qadam" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

1749981533953_52png

Nashrda ma'lum qilinganidek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-aprel kuni qabul qilingan "Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonida "Oltin viza" berish haqida so'z borgan. Bu masala farmonning 26-bandida o'z ifodasini topgan.

"Hujjatga muvofiq, investitsiyalarni rag'batlantirish maqsadida joriy yil 1 iyundan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga 250 ming AQSh dollari hamda ularning har bir oila a'zosiga (turmush o'rtog'i, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSh dollari miqdoridagi to'lovlar evaziga O'zbekistonda yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi", – deyilgan materialda.

Qayd etilishicha, "Oltin viza" dasturi xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, huquqiy kafolatlar berish, mamlakat sarmoyaviy muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, bu mamlakat ochiqligi, kapitalni himoya qilish, barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo'shadi.

Ta'kidlash kerakki, so'nggi sakkiz yilda, xalqaro maydondagi ziddityalarga qaramasdan ochiq va pragmatik tashqi siyosat yurgizish O'zbekistonning jahon arenasidagi tashrif qog'oziga aylandi, deb ta'kidlangan nashrda.

"O'zbekiston, ayniqsa, xorijiy investorlar uchun qulay makonga aylandi. O'sib borayotgan iqtisodiy salohiyati bilan ushbu yo'nalishda O'zbekiston Markaziy Osiyoda eng jozibador manzil hisoblanadi, desak xato bo'lmaydi", – deyilgan manbada.

"Ammon News" maqolasida yozilganidek, albatta, xorijiy investorlarni ishonchini qozonish uchun ularga zarur sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlarni tadbiq etilishi kerak. Bunday yondashuv nafaqat O'zbekistonda balki butun dunyo tajribasida mavjud.

"Ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi yetti yilda O'zbekistonga 100 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar kelgan. Davlat-xususiy sheriklik bo'yicha qonun qabul qilinib, mingdan ziyod loyihalar boshlangan. 1 ming 800 turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. Xorijiy investorga "Oltin viza" berish bo'yicha navbatdagi tashabbus ham mamlakatga chet eldan sarmoyalarni jalb etishni jadallashtirishga keng yo'l ochadi", – deb yozgan muallif.