OʻzMU xalqaro “QS World University Rankings”da yuqoriladi

19.06.2025 00:00 O'zbekiston 7

“QS World University Rankings” tahliliy agentligi 2025-yil uchun dunyodagi eng nufuzli universitetlar reytingini eʼlon qildi. Qayd etish kerakki, mazkur reytingda universitetlar akademik obroʻ, ish beruvchilar orasidagi nufuzi, iqtiboslik, xalqaro hamkorlik, xorijiy talabalar va professorlar soni, barqarorlik hamda talabalar va oʻqituvchilar soni nisbati kabi koʻrsatkichlar boʻyicha baholanadi. Shu asosda Oʻzbekiston Milliy universiteti jahon miqyosida 721–730 oʻrinlar orasida joy oldi va oʻtgan yilgi natijaga nisbatan 50 pogʻona yuqoriladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

6bcdb8c5e2ac2c8f469389d69839f7420619

Foto: xs.uz

OʻzMU ushbu reytingda bir qator muhim indikatorlar boʻyicha ijobiy natijalarga erishdi. Jumladan, xalqaro professor-oʻqituvchilar soni boʻyicha 200-oʻrinni, ish beruvchilar orasidagi obroʻ (Employer reputation) koʻrsatkichi boʻyicha 185 pogʻona yuqorilab, 355-oʻrinni, akademik obroʻda esa 412-oʻrinni egalladi. Shuningdek, bandlik koʻrsatkichi boʻyicha 14 oʻringa koʻtarilib, 545-oʻrin qayd etildi. Bu natijalar universitetning xalqaro maydondagi salohiyati va rivojlanish salohiyatini namoyon etmoqda.

Oʻzbekiston Milliy universitetining mamlakatimiz oliy taʼlim tizimi tarixidagi natijani qayd etib, jahoning nufuzli reytinglarida yuqori pogʻonalarni egallagani munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda nufuzli mehmonlar, fan va jamoat arboblari, turli vazirlik va idoralar masʼullari, universitet jamoasi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev, OʻzMU rektori Inom Madjidov, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo, akademik Shavkat Alimov va Gavayi universiteti professori Dilmurod Azimov soʻzga chiqib, universitet jamoasini mazkur yutuq bilan tabriklashdi. Ular taʼlim, fan va innovatsiya sohasidagi islohotlar universitetning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlariga zamin yaratganini taʼkidlashdi.

Shuningdek, 18-iyun kuni eʼlon qilingan “Times Higher Education Impact Rankings 2025” natijalarida ham OʻzMU katta yutuqqa erishdi. Ushbu reytingda universitet barqaror rivojlanishning 6 ta maqsadi boʻyicha 201–300-oʻrinlar oraligʻida joy oldi. Bu esa oʻtgan yilgi natijaga (601–800) nisbatan 400–500 pogʻona yuqorilashni anglatadi. Bu natija universitetda barqaror rivojlanishga qaratilgan strategik tashabbuslar, professor-oʻqituvchilar va talabalarning faol ishtiroki natijasidir.

Oʻzbekiston Milliy universiteti keyingi yillarda xalqaro reytinglarda TOP–500 universitetlar qatoridan oʻrin olishni maqsad qilgan. Bu yoʻlda universitet rahbariyati va jamoasi uzoq muddatli strategiya asosida faol harakat qilmoqda va kelgusida yanada yuqori marralarni zabt etishga intilishni davom ettirmoqda.