MIB mansabdori pora bilan ushlandi

20.06.2025 00:00 O'zbekiston 8

Majburiy ijro byurosi mansabdori pora bilan qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Maʻlum qilinishicha, Fargʻona viloyatidagi tumanlardan birining Majburiy ijro byurosi boshligʻi oʻz xizmat vakolatidan foydalangan holda, boʻysunuvidagi davlat ijrochisi ish yurituvida boʻlgan fuqarolik ishlari boʻyicha sudning ijro varaqasi boʻyicha javobgarlarni ushbu tumandagi xonadondan majburiy tartibda koʻchirish yuzasidan ijro harakatlarini yakunlab berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan.

Joriy yilning 3-iyun kuni u talab qilingan pul mablagʻidan 1,2 ming dollarini pora sifatida olgan.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u qolgan 800 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan MIB mansabdor xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.