Toshkent shahridagi VI – XV asrlarga oid arxeologiya yodgorliklaridan biriga 31 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, prokuratura organlari tomonidan madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, shu kabi tadbirlardan birida Toshkent shahridagi VI – XV asrlarga oid “Xonobodtepa” arxeologiya yodgorligi hududi orqali ixtisoslashgan korxona tomonidan 257 metr uzunlikdagi kanalizatsiya quvuri oʻtkazilib, yodgorlikning 961 m3 qismiga 27 milliard soʻmlik zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, ushbu korxona tomonidan yodgorlikning yana 160 m3 qismi ekskavator yordamida kovlanib, 4,5 milliard soʻmlik zarar yetkazilgan.
BPga koʻra, hozirda holat yuzasidan korxona mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi taʼminlanib, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Taʼkidlash kerakki, mazkur jinoiy qilmish qonunchilikka asosan ogʻir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllaniladi.