Ayni vaqtda boshoqli don ekinlaridan boʻshagan dalalarda somon poyalari va boshqa organik qoldiqlarni noqonuniy tarzda yoqib yuborish bilan bogʻliq koʻplab holatlar kuzatilmoqda. Bu haqda “Oʻzbekkosmos” agentligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.
Foto: “Oʻzenergoinspeksiya”
Qayd etilishicha, agentlikning Davlat kosmik monitoringi dasturi doirasida olib borilgan kuzatishlari natijasida iyun oyining bugungi kuniga qadar Respublikaning 10 ta viloyatida 639 ta mana shunday salbiy holat boʻyicha 5350 gektar maydon noqonuniy tarzda yoqib yuborilgani aniqlangan.
Mazkur vaziyatlar boʻyicha tezkor axborotlar Bosh prokuratura, Ekologiya vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga yuborilgan.
Kosmik tahlillar hududlar kesimida quyidagicha taqsimlanmoqda:
- Toshkent viloyatida 27 ta holat 413,5 gektar;
- Sirdaryo viloyatida 32 ta holat 341,9 gektar;
- Jizzax viloyatida 7 ta holat 74,9 gektar;
- Buxoro viloyatida 16 ta holat 96,3 gektar;
- Andijon viloyatida 248 ta holat 2345,7 gektar;
- Fargʻona viloyatida 13 ta holat 66,2 gektar;
- Namangan viloyatida 3 ta holat 36,7 gektar;
- Surxondaryo viloyatida 253 ta holat 1823 gektar;
- Xorazm viloyatida 31 ta holat 99,5 gektar;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasida 9 ta holat 52 gektar.