Joriy yilgi Haj mavsumida kuzatilgan jazirama oqibatida va surunkali kasalligi boʻlgan 8 nafar oʻzbekistonlik Saudiya Arabistonida vafot etdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: "Dunyo" AA
Maʼlum qilinishicha, “Haj-2025” mavsumida oʻzbekistonlik hojilarning Saudiya Arabistoniga borishi joriy yilning 13-mayidan boshlanib, 30-may kuniga qadar davom etdi. Ularning Vatanga qaytib ketishi esa 12-iyundan boshlandi. Hojilarning soʻnggi guruhi 29-iyun kuni Oʻzbekistonga qaytib keldi.
“Oʻzbekiston hojilariga yengillik yaratish maqsadida Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi Podshoh Abdulaziz xalqaro aeroportidan mamlakatimizning bir qator viloyatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi”, deyiladi xabarda.
Mavsum davomida Oʻzbekiston hukumati tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan boʻlsada, bu yilgi Haj ibodati paytida kuzatilgan jazirama oqibatida va surunkali kasalligi boʻlgan toʻrt nafar oʻzbekistonlik Saudiya Arabistonida vafot etgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining ogohlantirishlariga qaramay, noqonuniy yoʻllar bilan Hajga borgan yana toʻrt nafar oʻzbekistonlik ushbu mamlakatda olamdan oʻtgan.
Bundan tashqari Haj ibodati tugaganidan soʻng Bosh konsulxonaga 40 nafardan ziyod ziyoratchilar xorijga chiqish pasportlarini yoʻqotgani bois Oʻzbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan.
Xabarda keltirilishicha, mazkur “Haj-2025” mavsumida Oʻzbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi Oʻzbekiston fuqarolariga barcha zarur konsullik-huquqiy yordamni tezkorlik bilan koʻrsatib kelmoqda.