Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida profilaktika inspektorini pichoqlab, oʻldirib voqea joyidan yashiringan 65 yoshli erkak qidirilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 1-iyul kuni soat 20:50 larda Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda janjal boʻlayotganligi haqida “102” qisqa raqamiga kelib tushgan xabar boʻyicha hudud profilaktika inspektori katta leytenant A.Abduvaliyev va mahalla raisi A.Mamataliyev voqea joyiga yetib borgan.
Aniqlanishicha, 65 yoshli fuqaro Xolbozorov Yunusali Tumarovich mast holda oʻz oila aʼzolariga xoʻjalik pichogʻi bilan tahdid solayotgan boʻlgan. Hujumchini zararsizlantirish jarayonida Yu. Xolbozorov qoʻlidagi pichoq bilan katta leytenant A. Abduvaliyevning koʻkrak qismiga zarba berib, ogʻir tan jarohati yetkazgan.
Profilaktika inspektori A. Abduvaliyev olgan jarohati oqibatida shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Foto: IIV
IIVga koʻra, hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Gumondor Yu. Xolbozorov voqea joyidan yashiringan, ayni vaqtda uni aniqlash va qoʻlga olish boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
“Hurmatli fuqarolar! Ushbu shaxs haqida biron-bir maʼlumotga ega boʻlsangiz zudlik bilan yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz soʻraladi. Maʼlumot bergan fuqaroning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
IIVning rasmiy axborotida shuningdek, fuqarolarning hayotini asrash maqsadida oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, mardlik va fidoyilik koʻrsatgan holda halok boʻlgan Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani Ichki ishlar boʻlimi Jamoat xavfsizligi xizmati, Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi profilaktika inspektori katta leytenant Abduvaliyev Abdurasul Qahhorovichning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya bildirilgan.