Xitoyning g‘arbidagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni markazi sanalgan Urumchi shahri bugun turli madaniyatlar tutashgan go‘zal maskanlardan biriga aylangan. Shaharning eng diqqatga sazovor joylaridan biri — Katta bozor savdo majmuasi sanaladi. Maskan dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlarni o‘ziga jalb qiladi.
Katta bozor shaharning janubiy qismida joylashgan. Yaqin atrofda ulkan masjid mavjud. Yanada ko‘proq sayyohlarni jalb qilish maqsadida bu yerda kichik tomoshalar, raqslar tashkil qilinadi. Bu yerda mahalliy taomlarning katta tanlovi ham mavjud. Mahalliy uyg‘urcha manti, palov va lag‘mon ayniqsa juda mazzali ekanining guvohi bo‘ldik.
Bozorda quritilgan mevalar va poliz mahsulotlarining ko‘plab turlarini xarid qilish mumkin. Shuningdek, uyg‘ur patirlari markazida o‘ziga xos shaklda yopilgan nonlarni sotib olish imkoniyati yaratilgan.
Savdo maskanining umumiy maydoni 100 000 kvadrat metr, ichki maydoni 48 000 kvadrat metr bo‘lib, oltita asosiy bino va 80 metr balandlikdagi kuzatuv minorasi hamda masjidni o‘z ichiga oladi.
Bozorni aylanib chiqib, turli tillarda salomlashuvlarni va savdo narxlarini muhokama qilishayotganini eshitishingiz mumkin.