Turfan: cho‘l qo‘ynidagi hayot vohasi

27.06.2025 00:00 IPAK YO‘LI 10

 Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Turfan shahri — xaritada mazkur hudud jonsiz cho‘l o‘rtasidagi oddiy bir nuqtadek ko‘rinsa-da, aslida Turfan — tabiatning barcha qonun-qoidalariga bo‘ysunmay yashayotgan haqiqiy mo‘jiza vohasi sanaladi.

photo_2025-06-27_21-35-22

Qayd etish kerakki, ushbu shahar Yer yuzidagi eng issiq joylardan biri bo‘lib, bu yerda yozda harorat osongina 50 °C ga yetadi. Taklamakan va Gobi cho‘llaridan esadigan quruq shamollar bu hududni yashash uchun yaroqsiz holga keltirishi kerak edi. Biroq tarix boshqacha kechdi.

Ikki ming yil davomida Turfan nafaqat yashab kelmoqda, balki gullab-yashnagan dehqonchilik hududlaridan biri sifatida saqlanib qolmoqda. Bu hodisaning siri — kariz deb ataluvchi qadimiy sug‘orish tizimida. Bugungi kunda yer ostidagi mazkur sug‘orish yo‘li Xitoyda Buyuk Xitoy devori kabi milliy boylik sifatida e’tirof etiladi.

photo_2025-06-27_21-37-14

Kariz tizimi — yer osti kanallari va ular bilan bog‘langan vertikal quduqlar tarmog‘idan iborat. Bahorda muzliklar eriganda suv shu quduqlarga oqib keladi. Avvalo suv saqlash quduqlarida to‘planadi, so‘ng maxsus kanallar orqali dehqonchilik vodiylariga va Turfan shahriga oqadi. Qadimgi davrlarda yaratilgan bu muhandislik mo‘jizasi nafaqat cho‘l sharoitida dehqonchilikni rivojlantirishga imkon berdi, balki Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab harakatlangan minglab karvonlarning hayotini saqlab qoldi.

press-tur_turfan1

Kariz tarmog‘ining umumiy uzunligi taxminan 5 ming kilometrni tashkil etadi. Ana shu tizim tufayli mintaqa suv bilan ta’minlandi, cho‘ldagi shaharlar esa yashash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

photo_2025-06-27_21-35-22 (2)

Bugungi kunda Turfanga kelgan sayyohlar nafaqat qadimiy quduqlarni ko‘rishlari, balki sug‘orish tizimiga bag‘ishlab tashkil etilgan muzeyni ham ko‘zdan kechirishlari mumkin.