Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyon Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon muloqoti chogʻida Tehron yadro quroliga ega boʻlmoqchi emasligini aytdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: Reuters
Qayd etilishicha, Pezeshkiyon Eron oliy rahnamosining fatvosiga tayanib, hech qachon yadro quroliga ega boʻlishni niyat qilmagani va unga intilayotgani ham yoʻqligini hamda muloqot yoʻli bilan hamisha oʻzaro tushunish va kelishuvga erishishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, jahon kuchlari Eron Islom Respublikasining dalillarini qabul qilish oʻrniga, “Yaqin Sharqda tartibsizlik ekishga intilayotgan” davlat – Isroilning pozitsiyasini qabul qildi.
Prezidentning qoʻshimcha qilishicha, Eron Isroil tomonidan hujumga uchragan bir paytda muzokaralar stoliga oʻtirmaydi va hech qanday bosim ostida qaror qabul qilmaydi.
Shu yilning 13-iyunga oʻtar kechasi Isroil Erondagi yadroviy va harbiy obyektlarga hujum qilib, “Arslon koʻtarilishi” operatsiyasini boshladi. Zarbalar yadro qurolini ishlab chiqish bilan bogʻliq infratuzilma obyektlari, shuningdek, eronlik generallar joylashgan joylarga qaratilgan.
Oʻsha kuni kechqurun Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi “Haqiqiy vaʼda 3” deb nomlangan javob operatsiyasi boshlanganini eʼlon qildi. Isroilga raketalar uchirildi. Bir qancha shaharlarda, jumladan Quddusda havo hujumi sirenalari yangradi. Har ikki davlatdagi zarbalar oqibatida oʻnlab odamlar qurbon boʻldi va jarohatlandi.
Eron Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy vakili Xuseyn Kermanpurning maʼlum qilishicha, mamlakat hududiga beril havo hujumlari oqibatida halok boʻlganlar soni 224 nafarga yetgan. Qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham bor. 13 iyundan beri 1277 nafar kishi shifoxonalarga yotqizilgan. Ularning 90 foizdan ortigʻi tinch aholi vakillari ekani aytilmoqda.
Eronning Isroilga javob zarbalari natijasida 17 kishi halok boʻlgan, 200 dan ortiq kishi yaralangan.
Eron va Isroil bir-biriga hujum qilishda davom etmoqda.