NATO sammitida Kiyev uchun juda muhim mavzu muhokama qilinmagan, deb yozmoqda Buyuk Britaniyaning “The Times” gazetasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti.
Foto: AP
“Eng afsuslanarlisi, sammitda Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirishning shoshilinch zarurati muhokama qilinmagan”, — deyiladi nashr maqolasida.
Bundan tashqari, maqolada qayd etilishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp haligacha Rossiyaga bosimni kuchaytirishga tayyorlik alomatlarini koʻrsatmayapti.
24-25-iyun kunlari Gaagada Donald Tramp AQSH prezidenti etib saylanganidan keyin birinchi NATO sammiti boʻlib oʻtdi.
Bungacha AQSH yetakchisi Yevropani alyansning mudofaa qobiliyatiga qoʻshgan hissasi pastligi uchun bir necha bor tanqid qilgandi va barcha aʼzo davlatlardan mudofaa xarajatlarini oshirishni talab qilgandi.
Sammit yakunida aʼzo davlatlar 2035-yilga borib har yili oʻz yalpi ichki mahsulotining besh foizini mudofaaga yoʻnaltirish boʻyicha shartli majburiyat oldi. Taʼkidlanishicha, Ispaniyaning pozitsiyasiga qaramay, bu nuqta yakuniy bayonotga kiritildi.
Sammit oldidan ham Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches NATO bosh kotibi Mark Ryuttega yoʻllagan rasmiy maktubida Madrid bunday qadamni qoʻllab-quvvatlamasligini, ammo 2032-yil haqida gapirib, yanada moslashuvchan formulani kiritishni taklif qilgan edi.