Rossiya migrantlarni yanada qiyin ahvolga solmoqchi

05.07.2025 00:00 Dunyo 8

Rossiyada migrantlarni nazorat qilish boʻyicha yangi qatʼiy tartib joriy etilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

6e7f177b60d031e91f1e1d2a156a40e80704

TASS axborotiga koʻra, Moskva shahrida mobil qurilmasida geolokatsiyasi oʻchirilgan migrantlar avtomatik tarzda roʻyxatdan chiqariladi.

Bu tartib Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan buyruq loyihasi orqali amalga oshiriladi. Hujjatga koʻra, agar migrant geolokatsiya funksiyasini oʻchirsa va uch kun ichida maxsus mobil ilova orqali joylashuvi haqida maʼlumot taqdim etmasa, u 24 soat ichida roʻyxatdan chiqariladi. Shuningdek, Rossiyadan chiqib ketgani haqidagi maʼlumot ham uni roʻyxatdan chiqarish uchun asos boʻladi.

Mazkur buyruq 2025-yil 1-sentyabrdan kuchga kiradi va 2029-yil 1-sentyabrga qadar amal qiladi. Bu tartib yaqinda qabul qilingan qonun doirasida joriy etilmoqda. Qonunga asosan, vizasiz kelgan xorijliklar maxsus mobil ilova orqali roʻyxatdan oʻtishi va joylashuvi haqida maʼlumot berishi shart.

Avvalroq Rossiya Davlat Dumasi Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni kuzatish va hisobga olish boʻyicha eksperiment oʻtkazish toʻgʻrisida qonun qabul qilgan edi.

Ushbu qonun asosida chet elliklar yashash joyida majburiy roʻyxatdan oʻtishi, barmoq izlari va biometrik fotosurat topshirishi, shuningdek, mobil qurilmasining geolokatsiyasini yoqib qoʻyishi kerak boʻladi.

Agar migrant yashash manzilini oʻzgartirsa, bu haqda uch ish kuni ichida Ichki ishlar vazirligiga xabar berishi shart. Rossiya hukumatining taʼkidlashicha, ushbu choralar migrantlar harakatini qatʼiy nazorat qilish va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan.