Jazirama kunlari “Tez yordam”ga 247 mingdan ortiq chaqiriq kelib tushdi – SSV

07.07.2025 00:00 O'zbekiston 7

Joriy yilning 2-5-iyul kunlari, yaʼni anomal issiq kuzatilgan davrda respublika boʻyicha tez tibbiy yordam xizmatiga jami 247 ming 459 ta chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurovga tayanib, Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

40e3fac1f6f0971e9d88a228a85c1391

Foto: Yuz.uz

Bildirilishicha, oʻtgan haftada “103” xizmatiga kelib tushgan 247 ming 459 ta chaqiriqning 172 ming 676 tasini shoshilinch koʻrsatma, 65 ming 163 tasini esa surunkali kasalliklar bilan bogʻliq murojaatlar tashkil etadi.

Mutaxassisning qayd etishicha, ayniqsa, soʻnggi kunlarda dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham yuqori harorat saqlanib qolmoqda. Bunday paytda, eng avvalo, surunkali kasalligi boʻlgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar salomatligiga alohida eʼtibor talab etiladi.

“Shu bois, ular sogʻligini tibbiy nazoratga olish, zarurat boʻlganda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish lozim. Ayniqsa, issiq havoda surunkali xastaliklar xuruj qilishini eʼtiborga olsak, “Tez yordam” xizmati xodimlari zimmasiga katta masʼuliyat yuklanadi”, deydi Abduvoitjon Gafurov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, tegishli masʼul tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarga anomal issiq havo sharoitida ehtiyot choralarini koʻrish toʻgʻrisida berilgan tavsiyalar tufayli chaqiriqlar soni undan oldingi hafta (24-29-iyun)ga nisbatan 1,2 foizga kamaygan.

Shu oʻrinda vazirlik fuqarolarga zarurat boʻlmasa, aholidan jazirama payti tashqariga chiqmaslikni, tez-tez suyuqlik ichish, imkon qadar yogʻli, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, koʻproq meva va sabzavotlar isteʼmol qilishni tavsiya etgan.