11
11

Ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻmdan bir martalik yordam berish taklif etilmoqda

2026-yil noyabr oyida belgilangan toifadagi ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 million soʻmdan moddiy yordam ajratish taklif etilmoqda. Bu haqdagi Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Loyihaga koʻra, yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga, shuningdek, reyestrga kiritilmagan boʻlsa-da, belgilangan mezonlarga mos keladigan oilalarga berilishi mumkin. Bundan tashqari, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi fuqarolar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar reyestridagi fuqarolar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalarni ham qamrab olish nazarda tutilgan.

Reyestrga kiritilmagan oilalarni qoʻshimcha roʻyxatga kiritishda «mahalla yettiligi» xulosasi hamda vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan elektron soʻrov orqali olingan maʼlumotlar asos boʻladi. Oiladagi har bir kishiga toʻgʻri keladigan daromad minimal isteʼmol xarajatlarining ikki baravaridan oshmasligi kerak.

Markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun daromad chegarasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda minimal isteʼmol xarajatlarining ikki baravari, Toshkent shahrida uch baravari etib belgilangan. Ushbu mezonlardan yuqori daromadga ega ayrim ehtiyojmand oilalarni ham tuman yoki shahar shtablari qarori bilan roʻyxatga kiritish mumkin.

Qoʻshimcha roʻyxatlarni shakllantirishda boquvchisini yoʻqotgan, I yoki II guruh nogironligi boʻlgan aʼzolari bor, nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga ustuvorlik beriladi. Shuningdek, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasallikka chalingan shaxslar yoki oʻzgalar parvarishiga muhtoj kishilar yashaydigan, oila aʼzosi migratsiyada boʻlgan, uch va undan ortiq oila birga yashaydigan xonadonlar ham inobatga olinadi. Gaz taʼminoti boʻlmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalar ham ustuvor toifalar qatoriga kiritilgan.

Qoʻshimcha roʻyxatlar 2026-yil 1-noyabrga qadar har bir mahalla kesimida shakllantirilishi kerak. Roʻyxatga kiritiladigan oilalar soni tegishli tuman yoki shaharda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar sonining 50 foizidan oshmasligi lozim.

Bir martalik moddiy yordamni fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga 2026-yil 30-noyabrga qadar toʻliq va oʻz vaqtida oʻtkazish vazifasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda «Xalq banki» va «Aloqa bank» zimmasiga yuklanishi nazarda tutilgan.