Shinjon Xitoy hududining qariyb oltidan bir qismini egallaydi. Katta masofalar, hududning kengligi va transportga doimiy ehtiyoj aviatsiya sohasi, jumladan, past balandliklarda ishlaydigan mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshirmoqda.
Changji instituti professori Chen Xuimin aviatsiya kollejini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. 2016 yilda kollejga ilk talabalar qabul qilindi. Asosiy vazifa hudud ehtiyojlarini hisobga olgan holda aviatsiya sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashdan iborat edi.
O‘n yil davomida kollej Shinjondagi aviatsiya bo‘yicha yagona magistratura dasturini, bakalavriatning beshta yo‘nalishini hamda avtonom hududning muhim laboratoriyasini tashkil etdi. Shu vaqt ichida 1200 dan ortiq kishi ta’limni tamomladi. 2021 yilda logistika, shahar infratuzilmasi va kichik aviatsiyada foydalanishni hisobga olgan holda uchuvchisiz uchish apparatlari bilan bog‘liq mutaxassislik yo‘nalishi ochildi. Hozirda mingdan ortiq bitiruvchi Shinjongning turli hududlarida faoliyat yuritmoqda.
Pekindagi "Beyfang Tiantu" kompaniyasi bilan hamkorlikda kollej dron operatorlarini tayyorlash bazasini ham ochdi. Ilk bitiruvchilar orasida Ilidan bo‘lgan Bumayryan Rayimutszyan ham bor edi. Kompaniyada bir yil amaliyot o‘tab, yana bir yil ishlagach, u instruktor bo‘ldi. Keyinchalik kompaniya uni kollejga qayta yubordi va u yerda yangi mutaxassislarni tayyorlay boshladi.
Uning ota-onasi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Hozirda Bumayryan oyiga 6–7 ming yuan, ya’ni qariyb 1 ming AQSh dollari daromad oladi va instruktor sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. Uning aytishicha, Chen Xuimin kasb tanlashida unga yordam bergan ustozlardan biridir.
Chen Xuimin maktab o‘quvchilari uchun ta’lim loyihalarida ham ishtirok etadi. 2021 yildan buyon u talabalar bilan birgalikda bolalar samolyot modellari va dronlar bilan tanishadigan mashg‘ulotlar o‘tkazib kelmoqda. Kalpin tumanining Achal shaharchasidagi boshlang‘ich maktabda o‘quvchilar samolyot modellarini o‘zlari yig‘ib, ularni havoga uchirishdi. O‘g‘il bolalardan biri kelajakda uchuvchi bo‘lishni xohlashini, bir necha qizlar esa styuardessa bo‘lishni orzu qilishlarini aytdi.
Kollejning o‘n yillik rivojlanishi ko‘p jihatdan korxonalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikka asoslangan. Moliyalashtirish, o‘qituvchilar va o‘quv maydonlari yetishmagan sharoitda kollej tashqi resurslarni jalb qilib, hamkorlik doirasini kengaytirdi.
Bugungi kunda past balandlikdagi havo hududi laboratoriyasi negizida bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, kichik aviatsiyani rivojlantirish hamda past balandlikdagi havo hududidan foydalanish bilan bog‘liq texnik masalalar ustida ish olib borilmoqda.