Albatta, bu natijaga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish tufayli erishildi. Oʻz navbatida qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi 15–20 foizga oshdi. Yaʼni oz suv sarflanib koʻp hosil olindi. Qolaversa, ayni yangilanishlar yil davomida 3,2 million kVt/soat elektr energiyasini tejash imkonini ham berdi. Bu haqda “Xalq soʻzi” nashri veb sayti xabar berdi.
Shuningdek, soʻnggi yillarda irrigatsiya tizimida raqamli nazorat hamda suvni oʻlchash texnologiyalaridan foydalanilayotgani ham yuqori tejamkorlikka erishishda muhim omil boʻlayotir. Masalan, suv oʻlchash postlariga 865 dona “Aqlli suv”, meliorativ kuzatuv quduqlariga 814 dona “DIVER” qurilmalari oʻrnatildi. Energiya tejamkor uskunalarni joriy etish orqali nasos stansiyalarida elektr sarfi kamaytirildi.
— Oʻtgan yili viloyat boʻyicha 81 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi, — deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Nurkamol Ataqulov. — Shuningdek, 53,1 ming gektar ekin maydonlari lazer uskunalari yordamida tekislangani tufayli bevosita sugʻorish jarayonida boʻladigan suv isrofgarchiligiga chek qoʻyildi. Albatta, ariq va kanallar qanchalar ravon boʻlsa suvdan foydalanish samaradorligi ham shuncha yuqori boʻladi. Shu bois keyingi yillarda tuproq oʻzanli kanallarni betonlashtirish va ulardagi suv tushuvchi inshootlarni zamonaviylashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan hozirgacha viloyatdagi mavjud sugʻorish tizimidan 400 kilometri betonlashtirildi va taʼmirlab tiklandi. Masalan, Guliston tumanidagi “Paxtakor” kanali betonlashtirilishi tufayli 1400 gektar ekin maydonining suv taʼminoti tubdan yaxshilandi. Shu bilan birga viloyatda aholi tomorqalarini suv bilan kafolatli taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarilyapti.
Maʼlum qilinishicha, soʻnggi besh yilda Sirdaryo viloyatida qariyb 217 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etildi. Natijada ularning sugʻoriladigan yerlarga nisbatan ulushi 76 foizga yetdi. Joriy yilda esa Sirdaryo viloyatidagi irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash-tiklash loyihalariga 154,6 mlrd soʻm ajratildi. Ushbu loyihalar toʻliq bajarilgach kanallarning foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,7 gacha oshiriladi, 10,6 million kub metr suv iqtisod qilinadi, 17 ming gektar maydonning suv taʼminoti hamda 20 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilanadi va shoʻrlangan maydonlar 1,3 ming gektarga qisqaradi.