1-avgustdan O‘zbekiston va Xitoy bojxona xizmatlari o‘rtasida vakolatli iqtisodiy operator (VIO) maqomini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi kelishuv rasman kuchga kirdi. Bu haqda Xitoy bojxona organlari ma’lum qildi.
Xitoy bojxonasi O‘zbekiston bilan VIO maqomini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvga erishgan ilk xorijiy hamkor bo‘ldi. Mazkur kelishuv bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini sezilarli darajada soddalashtirishi va ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmining yanada oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Xitoy bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 64,77 milliard yuanga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,2 foizga ko‘p.
Umumiy savdo hajmining 13,05 milliard yuani yoki 20,2 foizi VIO maqomiga ega bo‘lgan 751 ta Xitoy korxonasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Kelishuv kuchga kirgach, har ikki mamlakatdagi VIO maqomiga ega kompaniyalar bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida qator imtiyozlarga ega bo‘ladi.
Jumladan:
- bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladigan yuklar soni qisqartiriladi;
- jismoniy nazoratdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan yuklar ustuvor tartibda rasmiylashtiriladi;
- yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish uchun maxsus mas’ul shaxslar biriktiriladi;
- xalqaro savdo vaqtincha to‘xtatilganidan so‘ng qayta tiklangan taqdirda, tovarlarni rasmiylashtirishga ustuvorlik beriladi.
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, u respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar kirituvchi asosiy davlatlardan biridir.