Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda kredit ajratish bilan bogʻliq noqonuniy holat fosh etildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanalida xabar berildi.
Maʼlum qilinishicha, xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Olmazor filiali bank xizmatlari markazi yuristi va Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida yashovchi 1979-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxs oʻzaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroning ishonchiga kirib, uning nomiga 3,5 mln AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishlarini aytgan.
Shundan soʻng, mazkur shaxslar bu xizmatlari evaziga kredit summasining 12 foizini, yaʼni 420 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 50 ming dollar olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.