Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” amfiteatrida professional sportchilar oʻrtasida qoʻl jangi boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi” uchun xalqaro turnir tashkil etildi.
Mamlakatimiz rahbarining 2022-yil 20-iyundagi “Qoʻl jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida oʻtkazilgan ushbu nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi qoʻmondoni, general-polkovnik, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qoʻl jangi federatsiyasi hamda Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi Bahodir Toshmatov, Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Shavkat Abdurazzoqov, Xalqaro qoʻl jangi federatsiyasi Prezidenti Sergey Astaxov ishtirok etdi.
Umumiy mukofot jamgʻarmasi 41 ming 600 AQSH dollarini tashkil etuvchi xalqaro turnirda toʻrtta reyting va ikkita chempionlik jangi oʻtkazildi. Bellashuvlarda mamlakatimiz sportchilariga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston, Moldova va Ruminiyadan kelgan qoʻl jangi ustalari raqiblik qildi.
67 kilogramm vazn toifasida oʻtkazilgan musobaqaning ilk jangida hamyurtimiz, jahon chempionati va kubogi gʻolibi, Osiyo chempioni Orif Normurodov ikki karra Yevropa chempioni, MMA boʻyicha Yevropa chempionati sovrindori, xalqaro turnirlar gʻolibi ruminiyalik Aleksandru Stankeni magʻlubiyatga uchratdi.
80 kilogramm vazn toifasida yurtdoshimiz, jahon kubogi gʻolibi, jahon chempionati sovrindori Asadbek Hikmatov jahon kubogi va xalqaro turnirlar sovrindori rossiyalik Vladimir Tokovga imkoniyatni boy berib qoʻydi.
73 kilogramm vazn toifasida jahon kubogi va chempionati gʻolibi Azizxon Abdullayev moldovalik Zmey Shtefandan ustun keldi.
97 kilogramm vazn toifasida oʻtkazilgan musobaqaning yakunlovchi va asosiy janglaridan birida hamyurtimiz, jahon chempionati va kubogi gʻolibi, Osiyo chempioni Bekzod Muhammadov turkiyalik Shehzade Maxsunga imkoniyatni boy berib qoʻydi.
Ayollar oʻrtasida 64 kilogramm vazn toifasida Oʻzbekiston chempioni, jahon kubogi sovrindori Hilola Botirova xitoylik Chjan Yuyzeni, 70 kilogramm vaznda esa, mamlakatimiz chempioni, jahon chempionati va kubogi gʻolibi Nilufar Polvonova qozogʻistonlik, Osiyo chempioni va jahon kubogi gʻolibi Arjuman Berkumbayevani magʻlubiyatga uchratdi.
Prezident kubogining gʻoliblari va barcha ishtirokchilari turnir tashkilotchilari tomonidan diplom, qimmatbaho sovrinlar, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, ushbu musobaqa 2017-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.