Wildberries logistika markazlariga navbatdagi hujum: halok boʻlganlar bor

22.07.2026 15:31 Dunyo 3124

22-iyulga oʻtar kechasi Ukraina harbiylari Wildberries kompaniyasining Krasnodar va Nevinnomissk shaharlaridagi logistika markazlariga hujum qilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Kompaniya rahbari Tatyana Kim bu borada post qoldirgan.

“Afsuski, jabrlanganlar bor”, — deb yozdi u Telegramʼda.

Kompaniya maʼlumotiga koʻra, har ikki logistika markazi faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.

Nevinnomissk shahrida ombor majmuasida yongʻin yuz bergan. Stavropol oʻlkasi gubernatori Vladimir Vladimirovning bildirishicha, hodisa oqibatida 5 kishi jarohatlangan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Krasnodardagi ombor majmuasida esa 10 kishi jabrlangan.

“Uch nafar jabrlanuvchining ahvoli ogʻir, yana bir kishining holati oʻrtacha ogʻirlikda. Omborda tungi hujum oqibatlarini bartaraf etish va yongʻinni oʻchirish ishlari davom etmoqda.”, — dedi Krasnodar oʻlkasi gubernatori Veniamin Kondratev.

Shuningdek, Krasnodar oʻlkasining Armavir shahrida dronlar neft bazasiga ham hujum qilgan, natijada kuchli yongʻin boshlangan. Bu haqda Shahar maʼmuriyati maʼlum qildi. Gubernatorning aytishicha, hodisa oqibatida neft bazasining bir nafar xodimi halok boʻlgan.

Ukraina tomoni hozircha Wildberries logistika markazlariga uyushtirilgani aytilayotgan ushbu yangi hujum yuzasidan hech qanday rasmiy izoh bermagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa ertalab bergan bayonotida, 20:00 dan 08:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida Rossiyaning 16 ta hududi, jumladan Krasnodar va Stavropol oʻlkalari, shuningdek, Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim, Qora dengiz va Azov dengizi uzra 242 ta Ukraina droni tutib qolingani va yoʻq qilinganini maʼlum qildi.

Krasnodardagi ombordagi yongʻinni oʻchirish ishlariga vertolyot ham jalb etilishi rejalashtirilgan. Nevinnomissk shahrida esa favqulodda holat rejimi eʼlon qilindi.