Sirdaryo, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda YATT “Sh.T.” Taraqqiyot MFY hududidagi xonadonida tabiiy gaz tarmogʻiga tijorat maqsadida oʻzboshimchalik bilan yashirin yoʻl bilan rezina shlang orqali tabiiy gaz tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 366,4 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Paxtakor tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda ham fosh qilingan.
Xususan, fuqarolar A.E. va A.E. “Bogʻishamol” MFY hududidagi xonadonlarida tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 133,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari maʼlum boʻlgan.
Olmazor tumanida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro M.X. “Bunyodkor” MFY hududidagi xonadonda umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 129,8 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi fosh qilingan.
Bundan tashqari, Departamentning Baxmal tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi masʼul shaxslari isitish qozonini tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulab, 103,5 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.