Xorazm viloyatidagi barcha davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati vaqtinchalik toʻxtatiladi. Bu haqida viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, viloyatda shu haftada havo haroratining 44-45°C gacha koʻtarilishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan, Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining tavsiyasiga muvofiq, maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida shu yilning 14-17-iyul kunlari viloyatdagi barcha davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati vaqtinchalik toʻxtatiladi.
Bildirilishicha, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati 2026-yil 20-iyuldan odatiy tartibda davom ettiriladi.
“Hurmatli ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni farzandlarimiz salomatligini asrashga qaratilgan profilaktik chora sifatida toʻgʻri qabul qilishlarini hamda bu davrda bolalarning salomatligiga alohida eʼtibor qaratishlarini soʻraymiz”, — deyiladi boshqarma xabarida.