Metropoliten harakat tarkibi parkini yangilash uchun 2020 yildan boshlangan modernizatsiya jarayonlari natijasida jami 44 ta toʻrt vagonli metro poyezdlari xarid qilinib, ularning soni 82 taga yetkazilgan. Bu haqida Transport vazirligi maʼlumot berdi.
Bildirilishicha, yoʻlovchilarning talab va takliflarini inobatga olgan holda Toshkent metropoliteniga yana 3 ta zamonaviy toʻrt vagonli harakat tarkibi olib kelingan.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, mazkur poyezdlar yozning issiq kunlarida samarali sovitish, qish mavsumida esa isitish tizimi bilan jihozlangan boʻlib, yoʻlovchilar uchun yanada qulay va shinam safar sharoitini taʼminlaydi.
Yangi metro poyezdlarining xarid qilinishi natijasida bugungi kunga kelib, Toshkent metropoliteni harakat tarkiblari parkini yangilanishi 54 foizga yetkazilgan. Joriy yil yakuniga qadar yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan. Buning natijasida metropoliten harakat tarkiblari parkini yangilanishi 59 foizga yetkazilishi kutilmoqda.