Yashnobodda jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimi oʻrganildi

11.07.2026 16:40 O'zbekiston 3731 ipaknews.uz

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov Toshkent shahrining Yashnobod tumanida huquq-tartibotni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish va ijtimoiy profilaktika ishlarining amaldagi holatini oʻrgandi.

Oʻrganishlar davomida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash tizimi qanday yoʻlga qoʻyilganiga eʼtibor qaratildi.

Ayniqsa, jinoyatchilik darajasi yuqori boʻlgan, “qizil” toifaga kirgan “Aviasozlar”, “Argʻin” va “Jarqoʻrgʻon” mahallalaridagi vaziyat atroflicha tahlil qilindi. “Mahalla yettiligi” faoliyati, muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va hal etish mexanizmlari, huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar bilan profilaktik ishlarni tashkil etish hamda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy ishlar koʻzdan kechirildi.

Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari, mahalla vakillari hamda tegishli davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlik qay darajada samara berayotgani, jinoyatchilikka sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan koʻrilayotgan choralar ham baholandi.

Oʻrganishlar davomida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish, soliq va boshqa majburiy toʻlovlarning shaffofligini taʼminlash, iqtisodiy jarayonlarni raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi.

Shuningdek, davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat faoliyatida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi, aholi murojaatlarini koʻrib chiqish tizimi va muammolarga tezkor yechim topish mexanizmlarining samaradorligiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻrganish yakunida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Yashnobod tumani Kengashining qoʻshma qarorida belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.