Sirdaryo viloyatidagi industrial park ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirmoqda

09.07.2026 10:00 IPAK YO‘LI 2538 ip

“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan “Peng Sheng” industrial parki ishlab chiqarish quvvatlarini izchil kengaytirib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sanoat hamkorligining eng yirik namunalaridan biriga aylanmoqda. Mazkur park Xitoy ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi davlat darajasidagi yagona savdo-iqtisodiy hamkorlik zonasi hisoblanadi.

Majmua 380 gektar maydonni egallagan bo‘lib, sanoat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarini o‘zida birlashtiradi. Hozirda bu yerda 16 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularga kiritilgan investitsiyalar hajmi 150 million AQSH dollaridan oshgan, ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymati esa 75 million dollarga yetgan. Korxonalarda 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ularning aksariyatini Sirdaryo viloyati aholisi egallagan.

Kompaniya bosh direktori Lyu Xayfenning so‘zlariga ko‘ra, industrial park faoliyati dastlab ikkita korxona bilan boshlangan. Bugungi kunda bu yerda keramik plitkalar, sanitariya-texnika buyumlari, quvurlar ishlab chiqarilmoqda, yirik shoxli qoramol terisi qayta ishlanmoqda hamda ichki va tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan yana o‘ndan ortiq turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.

Uning ta’kidlashicha, korxonalar asosan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, hududdagi mavjud ishlab chiqarishlarni takrorlamaydi.

Lyu Xayfen investitsiyalar uchun yaratilgan qulay muhit, ochiq iqtisodiy siyosat hamda xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar park faoliyatining kengayishiga xizmat qilganini qayd etdi.

Yaqin istiqbolda kompaniya yangi loyihalarni amalga oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Loyiha ishtirokchilari fikricha, industrial parkning rivojlanishi Sirdaryo viloyatining sanoat salohiyatini mustahkamlash, eksport imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududni mamlakatning yangi sanoat markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.