Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida quvvati 263 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Loyiha Xitoy kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilmoqda va poytaxt ehtiyojlarini ta’minlashga xizmat qiladigan umumiy quvvati 2400 MVt bo‘lgan to‘rtta yirik energetika obyektidan biri bo‘ladi.
Loyihaga Xitoyning China Datang guruhi tarkibidagi xorijiy investitsiya kompaniyasi investor sifatida jalb etilgan. Bosh pudratchi esa Dongfang Electric xalqaro korporatsiyasi hisoblanadi. Loyiha rahbari Chjao Sintaoning ta’kidlashicha, mazkur stansiya qurilishi O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va energetika xavfsizligini mustahkamlash borasidagi siyosatini aks ettiradi.
Stansiya ishga tushirilgach, yiliga qariyb 540 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa har yili 163 ming tonna shartli yoqilg‘ini tejash hamda atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid (CO₂) hajmini qariyb 448 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.
Stansiya dispetcheri Akmal Tursunboyevning ma’lum qilishicha, qurilish ishlari yakuniy bosqichda. Fotoelektr bloklaridan biri sinov rejimida ishlab turibdi va aholini elektr energiyasi bilan ta’minlamoqda. Stansiya to‘liq ishga tushirilgach, 130 mingdan ortiq xonadon ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Obyektda Quyosh harakatini avtomatik kuzatib boruvchi zamonaviy quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu inson omili ta’sirini kamaytirib, asosiy jarayonlarning avtomatik tarzda boshqarilishini ta’minlaydi.
Loyiha doirasida yangi “Dunqorg‘on” podstansiyasi hamda amaldagi podstansiyada ikkita yangi elektr tarmog‘i yacheykasi qurilishi ham ko‘zda tutilgan.
Stansiya foydalanishga topshirilgach, tumanda 40 ta doimiy va qariyb 200 ta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi. Xitoy tomoni bahosiga ko‘ra, loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi toza energetika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy va ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.