Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyida "Muhtasham ipak: zamonaviy Xitoy ipak san’ati" nomli xalqaro ko‘chma ko‘rgazma ochildi. Unda Xitoy Ipak muzeyi hamda Xuchjou va Turfon muzeylari kolleksiyalaridan 100 ga yaqin noyob eksponat namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi Madaniy almashinuv yili doirasidagi eng muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Ochilish marosimida Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi, Milliy muzey, diplomatik korpus vakillari hamda Xitoyning yetakchi muzeylari delegatsiyalari ishtirok etdi.
Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Aybek Sidiqov bunday loyihalar gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rgazma ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv, ishonch va do‘stlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xitoyning Qozog‘istondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Xan Chunlin ipak nafaqat Xitoyning milliy boyligi, balki butun insoniyatning madaniy merosi ekanini qayd etdi.
Diplomatning ta’kidlashicha, ikki ming yildan ortiq vaqt davomida ipak Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab Xitoy va boshqa sivilizatsiyalarni bog‘lab kelgan hamda xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot ramziga aylangan. Shuningdek, u aynan Qozog‘istonda 2013-yilda Xitoy Raisi Si Szinpin tomonidan "Ipak yo‘li iqtisodiy kamari" tashabbusi ilgari surilganini eslatdi.
Qozog‘iston Milliy muzeyi direktori Berik Abdig‘aliuli Xitoy Ipak muzeyi bilan hamkorlik besh yilga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Ko‘rgazma uchta asosiy bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim ipakning kelib chiqishi va qadimiy ipak san’ati namunalariga bag‘ishlangan. Ikkinchi bo‘lim Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab ipak madaniyatining tarqalishi, turli hududlardagi naqsh va badiiy an’analarni yoritadi. Yakuniy bo‘lim esa an’anaviy texnikalarning zamonaviy moda, raqamli texnologiyalar va multimedia yechimlari bilan uyg‘unlashgan bugungi rivojlanishini namoyish etadi.
Xitoy Milliy Ipak muzeyi xalqaro bo‘limi vakili Kerolayn Yan ko‘rgazmada tarixiy meros va zamonaviy san’atni uyg‘unlashtirgan 84 ta eksponat taqdim etilganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspozitsiya ipak tarixini, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab naqshlarning qanday o‘zgarganini hamda an’anaviy bezaklarning bugungi san’at va dizayndagi aksini ko‘rsatishga qaratilgan.
Ko‘rgazmada an’anaviy xitoy kashtachiligining nodir namunalari ham namoyish etilgan. Xususan, Suchjou maktabiga mansub ikki tomonlama kashtachilik texnikasi alohida e’tiborni tortadi. Ushbu usulda matoning ikki tomonida mutlaqo turli tasvirlar yaratiladi va iplar bir-biridan ko‘rinmaydi.
Bundan tashqari, ekspozitsiyada hajmli effektga ega pannolar, oltin va kumush iplar bilan ishlangan asarlar hamda "To‘rt fasl" gobelenlari turkumi o‘rin olgan. Ko‘plab eksponatlar baxt, uzoq umr, farovonlik va boylik timsoli bo‘lgan an’anaviy xitoy ramzlari bilan bezatilgan.
"Muhtasham ipak: zamonaviy Xitoy ipak san’ati" ko‘rgazmasi yoz mavsumining Qozog‘iston poytaxtidagi eng yirik madaniy tadbirlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarni qadimiy ipak san’ati an’analari bilan tanishtirish bilan birga, madaniy meros bugungi kunda ham mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqot vositasi sifatida yashab kelayotganini namoyish etadi.