Islom hamkorlik tashkiloti delegatsiyasining tashrifi

27.06.2026 10:00 Video 2524 ipaknews.uz XXR

Yaqinda Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha boshchiligidagi delegatsiya Shinjon hududiga tashrif buyurdi. Tashrif dasturining ilk manzili Urumchi shahridagi Shinjon Islom instituti bo‘ldi. Mehmonlar ta'lim muassasasining faoliyati, o‘qituvchilarni tayyorlash tizimi hamda diniy ta'limni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi.

Husayn Ibrohim Toha Islom hamkorlik tashkiloti va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat hamda tinch-totuv hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanayotganini ta'kidladi. Shuningdek, u kelgusida o‘zaro almashinuv va hamkorlikni yanada kengaytirishga umid bildirdi.

Tashrif davomida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni rahbariyati vakillari delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar gumanitar almashinuvlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik, terrorizmga qarshi kurash hamda inson huquqlari sohasidagi muloqot masalalarini muhokama qilib, amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

1969-yilda tashkil etilgan Islom hamkorlik tashkiloti davlatlar soni bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotidan keyingi dunyodagi ikkinchi yirik hukumatlararo tashkilot hisoblanadi va 57 davlatni birlashtiradi. So‘nggi yillarda tashkilot delegatsiyalari bir necha bor Xitoyga tashrif buyurib, hududlarning rivojlanishi, diniy muassasalar faoliyati, madaniy merosni asrash hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan tanishib kelmoqda.