Oʻzbekistonda 5 oyda 21 553 nafar fuqaro ipoteka krediti oldi

21.06.2026 14:30 O'zbekiston 2284 ipaknews

Shu yilning yanvar-may oylarida davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan aholiga 6 trln 583,7 mlrd soʻmlik ipoteka kreditlari ajratildi. Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Bildirilishicha, joriy yilning dastlabki 4 oyi mobaynida 21 ming 553 nafar fuqaro ipoteka krediti olgan. Ipoteka dasturlari doirasida 6 ming 929 nafar fuqaroga jami 622,8 mlrd soʻm miqdorida subsidiya toʻlab berilgan.

Subsidiyalarni oʻzlashtirish darajasi boʻyicha hududlar reytingida Xorazm viloyati yetakchilik qilib, viloyatda mazkur koʻrsatkich 34 foizni tashkil etgan. Shuningdek, Jizzax viloyati 31 foiz, Surxondaryo va Namangan viloyatlar 30 foiz hamda Andijon viloyati 29 foiz bilan keyingi oʻrinlarni egallagan.

Taʼkidlanishicha, hududlar kesimida ipoteka kreditining eng yuqori miqdori 380 mln soʻm, oʻrtacha kredit miqdori esa 296,5 mln soʻmni tashkil etgan. Toshkent shahrida bu koʻrsatkichlar 480 mln va 352 mln soʻmga teng boʻlgan.

Subsidiyali ipoteka kreditlari ajratilishi ulushi boʻyicha “Biznesni rivojlantirish banki” 59 foiz bilan birinchi oʻrinni qayd etilgan boʻlsa, “Ipotekabank” 54 foiz, “Turonbank” 52 foiz, “Agrobank” 49 foiz va “Aloqabank” 45 foiz koʻrsatkich bilan kuchli beshlikdan joy olgan.