Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida ishtirok etdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Sessiyada hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, korrupsiyaning oldini olish, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Senatning 16-yalpi majlisida koʻrib chiqilgan hamda maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyati deputatlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari va keng jamoatchilikka tushuntirildi.
Xususan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarning ahamiyati haqida fikr yuritildi.
Senat, uning Kengashi va qoʻmitalari tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlash, ularning hududlarda amalga oshirilishi holatini oʻrganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar bildirildi.
Tadbir yakunida Senat tomonidan maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, hududlarda qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish va aholi bilan ochiq muloqotni yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.