Chingiz Aytmatov merosi va Markaziy Osiyo taraqqiyoti masalalari muhokama qilindi

19.06.2026 17:00 O'zbekiston 2774 ipaknews.uz

Qirgʻiz Respublikasining Choʻlpon-Ota shahrida buyuk adib va davlat arbobi Chingiz Aytmatov tashabbusi bilan 40-yil avval asos solingan Xalqaro Issiqkoʻl forumining yubiley tadbiri boʻlib oʻtdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

“Dunyo sivilizatsiyaviy burilish davrida: kelajak sari birgalikda” mavzusida tashkil etilgan anjumanda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Italiya, Ispaniya va boshqa davlatlar delegatsiyalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Forumning panel sessiyasida S.Safoyev oʻz soʻzida bugungi dunyo chuqur geosiyosiy oʻzgarishlar va maʼnaviy sinovlar davrini boshdan kechirayotganini taʼkidladi. Chingiz Aytmatovning insonparvarlik, tarixiy xotira va madaniyatlararo muloqot haqidagi gʻoyalari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagani qayd etildi.

Markaziy Osiyoda keyingi yillarda shakllangan oʻzaro ishonch muhiti, mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichi hamda parlamentlararo aloqalarning mustahkamlanayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqa hamkorlik va umumiy taraqqiyot makoniga aylanib bormoqda.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo xalqlarini mushtarak tarix, madaniyat va qadriyatlar birlashtirib turishi, mintaqaviy oʻzlikni mustahkamlash esa bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.