Toshkent viloyatida FVV qutqaruvchilari inson hayotini saqlab qoldi

19.06.2026 10:00 O'zbekiston 1887 ipaknews.uz

Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari inson hayotini saqlab qoldi. Bu haqida vazirlikning rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, bugun, 19-iyun kuni soat 13:00 atrofida Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Sharq” MFY hududidan oqib oʻtuvchi “Boʻzsuv” kanali qirgʻoq hududlarini oʻrganish va profilaktika qilish xizmatini olib borayotgan FVV qutqaruvchilari suv oqimida harakatsiz holda oqib ketayotgan fuqaroni koʻrib qolgan.

Shundan soʻng, qutqaruvchilar zudlik bilan suvga shoʻngʻib fuqaroni qirgʻoqqa olib chiqishgan. Hushsiz holatda boʻlgan fuqaroga qutqaruvchilar voqea joyining oʻzida birinchi tibbiy yordam koʻrsatishgan. Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.

Aniqlanishicha, fuqaro oʻz ehtiyotsizligi oqibatida kanalga tushib ketgan. Suzishni bilmagani sababli esa kuchli suv oqimida oqib ketgan.