Shimoliy Irlandiya OAV vakillaridan iborat delegatsiya Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga tashrif buyurdi. Safar davomida jurnalistlar Urumchi shahri va Chanji-Xuey avtonom okrugida bo‘lib, muzeylar, ta’lim muassasalari, ilmiy-texnologik parklar hamda sanoat korxonalarini ko‘zdan kechirishdi.
Shinjon muzeyida mehmonlar mintaqa tarixi va bu hududda istiqomat qiluvchi xalqlarning boy madaniy merosi bilan tanishishdi. Shinjon islom institutida esa o‘quv auditoriyalari, kutubxona va boshqa ta’lim infratuzilmasi obyektlarini ko‘zdan kechirishdi.
Dastur doirasida jurnalistlar Shinjon xalqaro katta bozori hamda Tyanshan tog‘laridagi Tyanchi ko‘liga ham tashrif buyurishdi.
The Ulster Herald gazetasi fotomuxbiri Jeyson Makkartan Tyanchi ko‘lining betakror tabiiy manzaralari unda katta taassurot qoldirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oilasiga yuborgan suratlari shunchalik noodatiy ko‘ringanki, yaqinlari ular sun’iy intellekt yordamida ishlanganmi, deb qiziqishgan.
Shinjon agrar ko‘rgazma parkining Aqlli qishloq xo‘jaligi muzeyida jurnalistlar zamonaviy agrotexnologiyalar, jumladan o‘simliklarni vertikal usulda yetishtirish, avtomatlashtirilgan sug‘orish tizimlari va ishlab chiqarishni raqamli boshqarish texnologiyalari bilan tanishishdi. “Jiushenghe” sanoat parkida esa delegatsiyaga urug‘larni seleksiya qilish, ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxona faoliyati namoyish etildi.
Jeyson Makkartanning ta’kidlashicha, safargacha u Shinjonni asosan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hudud sifatida tasavvur qilgan, biroq mintaqaning texnologik rivojlanish darajasi uning kutganidan ancha yuqori bo‘lib chiqdi.
Shinjon dasturiy ta’minot parkida mehmonlar sun’iy intellekt va avtomatik tarjima texnologiyalari sohasidagi ishlanmalar bilan tanishishdi. Ularning amaliy qo‘llanilishiga oid namunalar jurnalistlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Safarning yakuniy manzili Urumchi madaniyat markazi bo‘ldi. Jurnalistlar Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni tashkil etilganining 70 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani, shuningdek, Urumchi shaharsozlikni rejalashtirish muzeyini tomosha qilib, shahar taraqqiyoti tarixi va uning kelajakdagi rivojlanish istiqbollari bilan tanishishdi.
The Ulster Herald gazetasi katta muxbiri Alan Rodjersning aytishicha, ushbu safar mintaqa tarixi, madaniy merosi va zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlarini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, Shimoliy Irlandiya OAV vakillari Shinjon, uning iqtisodiyoti, madaniyati va texnologik loyihalari haqida yanada to‘liq tasavvurga ega bo‘lganliklarini qayd etishdi.