Toshkentda bank xodimlari 500 ming dollarni oʻzlashtirib yubordi

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida depozit mablagʻlarini oʻzlashtirib yuborgan bank xodimlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tergovga qadar tekshiruv davomida mutaxassislar tijorat bankining masʼul shaxslari soxta hujjatlardan foydalangan holda, fuqaro I. M. tomonidan bank omonatiga qoʻyilgan 500 ming dollar mablagʻni egallab olib, oʻzlashtirib yuborishganini aniqlashdi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.