Malayziya qirolichasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Malayziya bilan hamkorlikda “Islom sivilizatsiyasida ilmiy anʼana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb imkoniyatlar va dolzarb masalalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Mazkur konferensiya ikki mamlakat oʻrtasida ilmiy-maʼrifiy aloqalarni yanada boyitish, buyuk ajdodlarimiz yaratib qoldirgan maʼnaviy merosni hamkorlikda tadqiq qilish va ommalashtirish masalalariga bagʻishlandi. Konferensiyada Malayziya qirolichasi, Raja Zarit Sofiya ham shaxsan ishtirok etdi.

Taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston va Malayziya aloqalari olis ildizlarga ega. Buyuk Ipak yoʻli har ikki mintaqani asrlar davomida bogʻlab kelgan. Imom Buxoriy, Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino singari allomalarimiz asarlari Malayziya hududiga yuz yillar avval kirib borgan, taʼlim maskanlarida oʻqitilgan.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Malayziya Oliy hukmdori Sulton Ibrohim Ismoil rahnamoligida ikki doʻst davlat oʻrtasidagi tarixiy aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi.

Davlatimiz rahbarining shaxsiy gʻoya va tashabbuslari bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat yurtimizda, balki butun mintaqada islom sivilizatsiyasi va Sharq madaniy merosini oʻrganishga ixtisoslashgan yirik ilmiy-maʼrifiy markaz sifatida shakllanmoqda.

Ushbu markaz oʻziga xos meʼmoriy yechimi, maqsad va vazifalari, ichki kontenti, mazmun-mohiyatiga koʻra dunyodagi oʻziga xos madaniy-maʼrifiy maskanlar qatoridan oʻrin olmoqda. Bunga mehmonlar markaz ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishish asnosida ishonch hosil qilishdi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5

Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi oʻz faoliyatini boshlagan dastlabki davrdanoq Malayziyadagi qator idora va tashkilotlar hamkorligida turli xalqaro anjumanlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar oʻtkazib keladi. Jumladan shu paytga qadar Markaz tomonidan Malayziyada Oʻzbekistonning tarixi va bugungi hayoti haqida ikki marotaba yirik fotokoʻrgazma oʻtkazildi.

Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi vakillari ushbu doʻst mamlakatga oʻn marotabadan ortiq xizmat safarlarida boʻlib qaytishdi. Malayziyalik doʻstlarimiz bizning xalqaro anjumanlarimizda muntazam ravishda ishtirok etib kelishadi.

“2025-yil fevral oyida hurmatli Prezidentimizning Malayziyaga davlat tashrifi doirasida Kuala-Lumpurda xalqaro konferensiya, qator uchrashuvlar, koʻrgazmalar, davra va suhbatlari va taqdimotlar oʻtkazdik. Malayziyadagi qator ilmiy-maʼrifiy muassasalar bilan memorandumlar imzoladik. Malayziyadagi islom sanʼati muzeyi markazimizning doimiy hamkorlaridan biri sanaladi.

Oʻtgan yili hurmatli Prezidentimiz soʻzboshisi bilan “Oʻzbekiston madaniy merosi” loyihasi doirasida mazkur muzeyda saqlanayotgan Oʻzbekistonga oid artefaktlar haqida maxsus kitob-albom chop etildi. Umid qilamizki, bugungi ilmiy muloqotlar, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga, mushtarak madaniyatimiz va tariximizni teranroq anglashga, turli sivilizatsiyalar oʻrtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi”, deydi Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Administratsiyasi departament boshligʻi Muzaffar Komilov, Malayziya oliy taʼlim vaziri Datuk Seri Diradja Zambri Abdulqodir, Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Alparslan Achikgench va boshqalar Oʻzbekiston va Malayziya hamkorligining istiqbollari, islom sivilizatsiyasi merosini tadqiq etishdagi muhim masalalar, ilmiy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish boʻyicha toʻxtalib oʻtishdi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5
Gallery 6
Gallery 7
Gallery 8

“Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda islom madaniyati, tarixi, merosini jahon miqyosida oʻrganishda katta ahamiyat kasb etadi. Zotan bugungi kunda islomiy merosni oʻrganish, uning jahon sivilizatsiyasidagi oʻrnini belgilash nihoyatda muhim oʻrin tutadi.

Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti, bu zamindan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Imom Termiziy singari allomalar merosi bugungi kunda ham islom olamida oʻqib oʻrganilmoqda. Ularning asarlarini, ilmiy qarashlarini keyingi avlodlarga ham yetkazish, ularning asralarida ilgari surilgan umuminsoniy gʻoyalarni hayotimizda keng targʻib etishga katta eʼtibor qaratishimiz kerak. Bu borada ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik kutilgan samaralarni berishiga ishonaman”, dedi Malayziya qirolichasi Raja Zarit Sofiya.

Shundan soʻng Malayziya va Oʻzbekistondagi qator ilmiy-maʼrifiy muassasalar, oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida memorandumlar imzolandi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5

“Ilm va uning taʼriflari, anʼanasi”, “Musulmon dunyosida ilm-fan taʼlimi, “Zamonaviy daʼvatlar va ilmiy paradigmalar” singari mavzulardagi shoʻba yigʻilishlarida oʻzbekistonlik va xorijlik olimlar hamda tadqiqotchilar oʻz ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosida oʻtkazilgan ekskursiyalar, markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishuv mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

“Paygʻambarimiz (s.a.v.) hadislarida ilm olish har bir muslim va muslima uchun farz ekanligi aytib oʻtilgan. Bu hadisi sharifni Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga kirish darvozasi peshtoqida oʻqib benihoya xursand boʻldim.

Bu markaz islom olamidagi eng katta islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani ham nihoyatda quvonarli hodisa boʻldi. Oʻzbekistonda xuddi ana shunday markazning yaratilgani bu mamlakatda ilm-fan va madaniy merosga, islomiy qadriyatlarga eʼtibor qanchalik yuksak ekanini koʻrsatadi”, deydi Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Alparslan Achikgench.