Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida energetika sohasidagi hamkorlik loyihalari muhokama qilindi

Joriy yilning 27-aprel kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasining energetika sohasidagi kichik qoʻmitasi 8-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston energetika vaziri J. Mirzamahmudov va Xitoy Davlat energetika boshqarmasi raisi Vang Xunchji raisligida oʻtgan uchrashuvda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, yirik energetika kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.

Unda ikki mamlakat rahbarlarining strategik tashabbuslari va oliy darajadagi kelishuvlari ijrosi doirasida energetika sohasidagi hamkorlik yuqori rivojlanish darajasiga chiqqani alohida taʼkidlandi. Tomonlar neft-gaz, elektr energetikasi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) yoʻnalishlaridagi oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashning asosiy omili ekanini qayd etdilar.

Muloqot davomida uglevodorodlarni qazib olish, yer osti gaz omborlarini qurish va magistral gaz quvurlarini modernizatsiya qilish boʻyicha istiqbolli loyihalarga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, “yashil” energetika sohasida Xitoyning ilgʻor texnologiyalarini jalb qilgan holda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, energiya tizimlarini oʻzaro bogʻlash hamda soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Yigʻilish yakunida tomonlar energetika obyektlarini raqamlashtirish, sohada standartlashtirish va zamonaviy infratuzilmani boshqarish boʻyicha tajriba almashinuvini davom ettirishga kelishib oldilar. Kichik qoʻmitaning navbatdagi yigʻilishi Xitoy Xalq Respublikasida oʻtkazilishi belgilandi.