Madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan Qonun koʻrib chiqildi

08.04.2026 20:00 O'zbekiston 3028 ipaknews Senat

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan.

Qonun bilan Soliq, Shaharsozlik, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga, shuningdek “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”, “Muzeylar toʻgʻrisida” hamda “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Kiritilayotgan oʻzgartishlar asosan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat organlari vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikdan Madaniyat vazirligining moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim vakolatlari chiqarib tashlanmoqda.

Qayd etish joizki, ushbu Qonun madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi faoliyatining samaradorligini oshirishga, qonun hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish va yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.