Temuriylar davriga oid jangovar nogʻora boshqaruv tizimining muhim vositalaridan biri hisoblangan

Samarqand shahridagi Mirzo Ulugʻbek muzey-majmuasida ekspozitsiyaga qoʻyilgan temuriylar davriga oid ashyolar noyob eksponatlardan sanaladi. Jumladan, mazkur muzeyda XV asrga tegishli, balandligi 24 santimetr boʻlgan jangovar nogʻora hamda Mirzo Ulugʻbekning yulduzlar katalogi saqlanmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Markaziy Osiyo xalqlari tarixida harbiy musiqa muhim oʻrin egallagan. Ana shunday asboblardan biri tulunbas deb ataluvchi jangovar nogʻoradir. Tulunbas nafaqat musiqa asbobi, balki davlat hokimiyati va harbiy qudrat ramzi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etgan.

— Samarqandda tayyorlangan XV asrga tegishli tulunbas Markaziy Osiyo hunarmandchiligining yuksak darajasini namoyon etuvchi nodir namuna hisoblanadi, — deydi “Samarqand” davlat muzey-qoʻriqxonasi tarix boʻlimi mudiri Toʻlqin Boʻriyev, — Samarqand temuriylar davrida yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlardan biri boʻlgan. Bu yerda metallga ishlov berish, zargarlik, naqqoshlik va kandakorlik sanʼati yuqori darajada rivojlangan. Hozirgi kunda Mirzo Ulugʻbek muzey-majmuasi ekspozitsiyasida namoyish etib kelinayotgan tulunbas bronzadan tayyorlangan boʻlib, uning shakli piyozsimon koʻrinishga ega. Bunday shakl nogʻoraning akustik xususiyatlarini kuchaytirishga xizmat qilgan. Ashyoning tashqi qismi kandakorlik usulida ishlangan boy geometrik ornamentlar bilan bezatilgan. Naqshlar ichida archaga oʻxshash bezaklar uchraydi. Bunday nogʻoralardan asosan harbiy yurishlar, saroy marosimlari va tantanali yigʻilishlarda va ov jarayonlarida foydalanilgan. Tulunbasning asosiy vazifasi qoʻshinlarga signal berish hamda askarlarning ruhiy holatini koʻtarishdan iborat boʻlgan. Katta hajmdagi metall nogʻoraning ovozi juda kuchli va past tembrli boʻlib, uzoq masofagacha eshitilgan. Shu sababli Amir Temur va uning avlodlari davrida ham harbiy nogʻora boshqaruv tizimining muhim vositalaridan biri hisoblangan.

Darhaqiqat, Markaziy Osiyoda harbiy musiqa anʼanasi aynan temuriylar davrida yuqori darajada rivojlangan. Qoʻshinlarda karnay-surnay, katta va kichik nogʻoralardan iborat musiqa asboblari boʻlgan. Bu asboblar jang paytida qoʻshinlarning harakatini muvofiqlashtirish va askarlarni ruhlantirish vazifasini bajargan.

Ekspozitsiyaga qoʻyilgan jangovar nogʻorada restavratsiya ishlari amalga oshirilgan. Ornamentlarni aniqlash uchun restavratsion tozalash ishlari oʻtkazilgan va nogʻora ustiga teri membrana qayta oʻrnatilgan. Shu bilan birga, nogʻora tanasida ayrim yoʻqolishlar va metallning qorayishi kabi vaqt taʼsiri izlari ham saqlanib qolgan.

Shuningdek, muzeyda saqlanayotgan Abdulloh Tabbadal-Hiraviyning Samarqand qogʻozida yozilgan hadislar toʻplami kitobi madrasa talabalari uchun maxsus tayyorlangan. Movarounnahrda Amir Temur va Ulugʻbek davrida yerlarni inʼom qilish tizimi yoʻlga qoʻyilib, yer soligʻi kamaytiriladi. Buni hozirgacha saqlanib kelinayotgan qoʻlyozma hamda vaqf hujjatlarida ham koʻrish mumkin.