Oʻzbekistonda birinchi AES qurilishiga start berildi. “Oʻzatom” agentligining maʼlum qilishicha, qurilish maydonchasida dastlabki beton ishlari boshlangan.
Qayd etilishicha, bugun, 24-mart kuni Toshkent shahrida va Jizzax viloyatining Forish tumanidagi AES qurilish maydonchasida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirlar doirasida strategik hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolangan va dastlabki beton ishlariga rasman start berilgan.
Tadbirlar doirasida “Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” atom energiyasi boʻyicha davlat korporatsiyasi oʻrtasida atom va unga yondosh sohalardagi hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi”, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha shartnomaga doir kelishuv imzolangan. Hujjatni “Oʻzatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzolagan.
Taʼkidlanishicha, “yoʻl xaritasi” oʻzaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini qamrab oladi:
• AES qurilishi loyihasini amalga oshirish bosqichlari;
• yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
• atom energetikasining jamoatchilik tomonidan qabul qilinishini taʼminlash;
• boʻlajak atomchilar shaharchasi infratuzilmasini yaratish va sohani kompleks rivojlantirish.
Loyiha hududida oʻtkazilgan tadbirda esa AES qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi energoblogini barpo etish doirasida dastlabki beton ishlariga start berilgan. Marosimni Oʻzbekiston Respublikasida AES qurilishi direksiya direktori Abdijamil Kalmuratov va “Atomstroeksport” AJ vitse-prezidenti – Oʻzbekistonda AES qurilishi loyihasi direktori (“Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik divizioni) Pavel Bezrukov tantanali ravishda ochib bergan.
Hozirgi vaqtda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichni 2026-yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan. Jami 900 m³ ga yaqin beton qorishmasi yotqiziladi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevori uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asos tayyorlanadi.
Shuningdek, stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasini tasdiqlovchi kontraktga doir bitim imzolangan:
• 3+ avlodiga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita energoblok;
• RITM-200N reaktorlariga ega ikkita energoblok (har biri 55 MVt).
Stansiya toʻliq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga qariyb 15,4 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi — bu Oʻzbekistondagi umumiy elektr energiyasi isteʼmolining 15 foizidan ortigʻini tashkil etadi.
Bildirilishicha, “AES qurilishi direksiyasi” davlat korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining RITM-200N reaktor qurilmalariga ega ikkita AES energoblogini joylashtirish maydonidan foydalanish uchun ruxsatnoma olgan. Ekspertiza faol tektonik yoriqlar, yuqori seysmiklik zonalari yoki jadal karst hosil boʻlish hududlari kabi AESning reaktor qurilmalariga ega ikkita energoblogini joylashtirishni taqiqlovchi omillar mavjud emasligini tasdiqlagan.
Ushbu ijobiy xulosa tanlangan maydonchaning yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga, ekologik meʼyorlar hamda texnik standartlarga toʻliq mos kelishini tasdiqlovchi va undan foydalanish uchun eng asosiy hujjat boʻlib, har qanday AESning hayotiy siklidagi eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. U loyihaning barcha bosqichlarida maksimal xavfsizlikni taʼminlagan holda, batafsil loyihalashtirish, muhandislik-tayyorgarlik va qurilishning keyingi bosqichlari boʻyicha ishlarni davom ettirish imkonini beradi.
“Ushbu loyiha, mamlakat energiya mustaqilligi va barqaror oʻsishining asosiy yoʻnalishi sifatida atom sanoatini rivojlantirishni shaxsan qoʻllab-quvvatlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qatʼiy nazoratlari ostida amalga oshirilmoqda.
Jadval va eng yuqori xavfsizlik standartlariga qatʼiy rioya qilgan holda, biz bosqichma-bosqich oldinga ketyapmiz: bu ishlar oʻz ichiga beton tayyorgarligidan, reaktor binosini qurishgacha, uskunalarni oʻrnatishdan toki energiya bloklarini ishga tushirishgacha boʻlgan ishlarni oʻz ichiga oladi”, deydi Azim Axmedxadjayev jurnalistlarga bergan izohida.