Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda joriy yil davomida xitoylik kardiojarrohlar tomonidan yurak nuqsoni bor 500 nafar bolaga yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkazish taklifi ko‘rib chiqildi.
Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, amaliyotlarni bir nechta tibbiyot muassasalarida bajarish rejalashtirilgan. Xususan, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi ushbu jarayonda ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.
Muzokaralarda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, bir qator tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.