Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashining ilk yigʻilishida ishtirok etadi

Prezident matbuot xizmati
Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashining ilk yigʻilishida ishtirok etadi. Bu haqda “Oʻzbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” dasturida xabar berildi.

Uchrashuv 19-fevral kuni AQSH poytaxti Vashington shahrida joylashgan “Donald Institute of Peace”da boʻlib oʻtishi kutilmoqda.

Taʼkidlanganidek, kengash faoliyati Oʻzbekistonga global jarayonlarda faol ishtirok etish, ishonchli hamkor va konstruktiv davlat sifatidagi nufuzini mustahkamlash imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida oʻtgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Moʻgʻuliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozogʻiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari va tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.

Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qoʻllab-quvvatlangan Gʻazo sektoridagi mojaroni tugatish boʻyicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda.