14-fevral — temuriy shahzoda, buyuk sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun. Bugun adib tavalludining 543 yilligi munosabati bilan respublikamiz hududlarida turli tadbirlar oʻtkazilib, shoir haykallari poyiga gullar qoʻyilmoqda. Ana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlardan biri Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida tashkil etildi.
Soʻnggi yillarda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi yanada ulugʻlanib, shoir hayoti va ijodini chuqur oʻrganish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Zero buyuk shoir merosini chuqur oʻrganish, uni zamonaviy ilm-fan va taʼlim jarayonlari bilan uygʻun holda targʻib etish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri sanaladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur oʻttizdan ortiq tilga tarjima qilingan mashhur “Boburnoma” asari muallifidir. Shuningdek, u benazir sheʼriy meros — ikki devon tuzgan, aruz ilmiga oid maxsus risola yaratgan, qonunchilikka oid “Mubayyin” masnaviysini yozgan, “Volidiya” asarini sheʼriy tarjima qilgan hamda “Xatti Boburiy” nomli alifboni ixtiro etgan.
Mirzo Boburning bizgacha yetib kelmagan “Harb ishi”, “Musiqa ilmi” kabi ilmiy asarlari ham maʼlum. Oʻzbek tilida aruz ilmiga oid eng mukammal asar sifatida eʼtirof etilgan “Aruz risolasi” ham uning qalamiga mansub boʻlib, unda buyuk shoirlar asarlari bilan bir qatorda muallifning oʻz sheʼrlari ham salmoqli oʻrin egallagan.
Mumtoz oʻzbek sheʼriyati tarixida Zahiriddin Muhammad Bobur shoir sifatida Alisher Navoiydan keyingi oʻrinda tilga olinadi. Bu bejiz emas, chunki sheʼr yozish uning uchun havas emas, balki oʻz taʼbi, didi va holat-ahvolini ifoda etish vositasi boʻlgan. U shunday yozgan:
Doʻstlarning suhbatida ne xush oʻlgʻay ahsi sheʼr,
To bilingay har kishining taʼbi birla holati.