Senator Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talabalar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi

14.02.2026 11:20 O'zbekiston 1593 ipaknews Senat

Oliy Majlis Senati aʼzosi Sodiqjon Turdiyev ochiq muloqot shaklida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va konstruktiv muloqotni yanada mustahkamlash, ularning tashabbus va takliflarini eshitish, davlat siyosatini amalga oshirishda yoshlarning oʻrni va ahamiyatini kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.

Muloqot davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, yoshlarga oid qabul qilinayotgan qonunlar, davlat dasturlari va mavjud imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Xususan, strategik hujjatlarda yoshlarni raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash, iqtisodiyot sohasida ilm-fan, innovatsiya va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, yosh mutaxassislar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ustuvor yoʻnalishlardan biri ekani taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida senator yoshlarni bilimli, faol va tashabbuskor boʻlishga, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga chaqirdi.